Dr. Anton Wolfgang Herrmann

Dr. Anton Wolfgang Herrmann

“Yangi O‘zbekiston” universiteti Prezidenti

Hurmatli talabalar, ota-onalar, hamkorlar va “Yangi O‘zbekiston” universitetining aziz do‘stlari!

Jahon darajasidagi ta’lim dasturlari va ilmiy-tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish bilan birga, O‘zbekistonning ta’lim va ilmiy-tadqiqotlar ekotizimini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan milliy vazifani o‘z zimmasiga olgan “Yangi O‘zbekiston” universitetida Prezident sifatida xizmat qilish men uchun katta sharafdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston” universiteti — ulkan yutuqlar va kelajak uchun barpo etilgan yangi avlod tayanch oliy ta’lim muassasasidir.

“Yangi O‘zbekiston” universiteti mamlakatimizning eng iqtidorli yoshlari uchun yaratilgan maskandir. Yuqori saviyadagi tanlov asosidagi qabul jarayoni haqiqiy salohiyatni, intellektual izlanuvchanlikni, yetakchilik qobiliyatini va kelajakni shakllantirishga tayyorlikni aniqlashga xizmat qiladi. Talabalarimiz O‘zbekistonning intellektual elitasini namoyon etadi. Ishonch bilan aytaolamanki, mamlakatimizdagi boshqa hech bir universitetda iqtidorli, maqsadga intiluvchan va yuksak maqsadli yoshlar bunday yuqori darajada jamlanmagan.

Mazkur maqom davlat darajasida e’tirof etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi Farmoniga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston” universiteti bitiruvchilari Prezident maktablari bitiruvchilari va “El-yurt umidi” stipendiyasi sohiblari qatorida Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Prezident hamjamiyatiga rasman kiritilgan. Bu shunchaki yuksak e’tirof emas, balki milliy mas’uliyat va yuksak ishonch ramzidir.

Professor-o‘qituvchilarimiz 26 mamlakatdan kelgan olim va mutaxassislardan iborat. Bu shunchaki xalqaro jamoa emas, balki talabalarga ta’lim beradigan, ularni ilhomlantiradigan va dunyoqarashini kengaytiradigan jahon darajasidagi mutaxassislar hamjamiyatidir. Ular talabalarni fikrlashga ilhomlantirib, kelajak yetakchilarini tarbiyalaydigan ustozlardir.

Ilmiy-tadqiqotlar missiyamizning asosini tashkil etadi. Biz professor-o‘qituvchilar, talabalar va hamkorlar ilm-fan, iqtisodiyot hamda jamiyatdagi dolzarb muammolarga yechim topish yo‘lida birgalikda ishlaydigan faol va samarali hamkorlik ekotizimini shakllantirmoqdamiz. O‘zbekiston va mintaqa taraqqiyotiga bevosita hissa qo‘shadigan amaliy tadqiqotlar, fanlararo tashabbuslar va innovatsiyalarni faol qo‘llab-quvvatlaymiz.

“Yangi O‘zbekiston” universiteti mamlakatda professor-o‘qituvchilar hamda talabalar tashabbusi bilan amalga oshiriladigan ilmiy loyihalarni moliyalashtiruvchi o‘z ichki grant tizimiga ega yagona universitetdir. Ushbu o‘ziga xos model akademik erkinlik, ijodkorlik va ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Maqsadlarimiz milliy chegaralar bilan cheklanmaydi. Biz nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning yetakchi universitetlaridan biriga aylanishni maqsad qilganmiz. Shu sababli “Yangi O‘zbekiston” universiteti Massachusets texnologiya instituti (MIT), Kembrij universiteti va Myunxen texnika universiteti (TUM) kabi dunyoning yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalari bilan strategik hamkorlik asosida rivojlantirilmoqda. Mazkur hamkorlik kelajakni bunyod etish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Hurmatli talabalar, aziz hamkasblar va hamkorlar! Sizni ushbu yangilanish jarayonining bir qismi bo‘lishga taklif etaman.

“Yangi O‘zbekiston” universiteti — salohiyat, iste’dod, ilmiy izlanish va ilhom maskani. Bu — ertaga butun dunyo e’tirof etadigan, biz esa bugunning o‘zidayoq katta ishonch bilan qarayotgan universitetdir.

“Yangi O‘zbekiston” universiteti oilasiga xush kelibsiz!

Powered by GSpeech